Yangiliklar
03/06/2025
Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun "Tashabbus - 2017" ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Fermerlari kengashi, "Hunarmand" uyushmasi tomonidan qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda har yili o‘tkazib kelinayotgan tanlov kichik biznes, xususiy tadbirkorlik va fermerlik harakatini qo‘llab-quvvatlash, milliy hunarmandchilik an’analarini asrab-avaylash va yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Respublika bosqichida Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichlari g‘oliblari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar soni tobora ortib borayotgani tanlovning nufuzidan dalolat beradi. Joriy yilda tanlovning tuman va shahar bosqichlarida 7 mingdan ziyod tadbirkorlik subyekti ishtirok etdi. Hakamlar hay’atining eng yuqori bahosiga sazovor bo‘lgan 41 nafar ishtirokchi respublika bosqichiga yo‘l oldi.
Kichik biznes bozor o‘zgarishlariga tez moslashib, mamlakat iqtisodiyoti barqarorligini ta’minlash, aholi daromadlarini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratishning muhim omili bo‘lib xizmat qilmoqda. Tobora keskinlashib borayotgan raqobat sharoitida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik milliy iqtisodiyotimizning izchil rivojlanishini ta’minlash, xalqimiz farovonligini oshirishga ulkan hissa qo‘shmoqda.
Xorazmlik Ruziboy Bekmetov ham muvaffaqiyatli tadbirkorlardan. Uning 2009-yilda ish boshlagan "Feedgran" agrosanoat majmuasi tuxum va omuxta yem ishlab chiqaradi. Majmuada Germaniya texnologiyasi asosida 220 ming bosh tovuq parvarishlanmoqda. Korxona o‘tgan yili qariyb 550 ming dollarlik tuxum eksport qilgan.
- Korxonamizda parranda, baliq, chorva mollari uchun granulalangan va granulalanmagan omuxta yem ishlab chiqarish bo‘yicha Shveysariya texnologiyasi ham o‘rnatilgan, - deydi R.Bekmetov. - O‘tgan yili 7 ming tonnadan ziyod ozuqa yetishtirildi, mahsulotning yarmi eksport qilindi. Yillik sof foyda 660 million so‘mdan oshdi. Bunday natijalarga mamlakatimiz Prezidenti tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash, biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar tufayli erishilmoqda.
Mamlakatimizda fermerlik faoliyati uchun ham keng imkoniyatlar yaratilgan.
Toshkent viloyatidan Tohir Sayramov yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanmoqda. Uning "Shoshtepa shams" ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligida chorvachilik, baliqchilik, parrandachilikdan tashqari, meva-sabzavot yetishtirish, go‘sht va sutni qayta ishlash, sopol idishlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. "Shoshtepa shams" brendi ostida ishlab chiqarilgan sut, qaymoq va boshqa sut mahsulotlari bugungi kunda Toshkentdagi yirik supermarketlarda ham sotilmoqda.
"Tashabbus-2017" tanlovi ishtirokchilarining e’tiborini milliy hunarmandchilik mahsulotlari stendlari tortdi. Ularning badiiy didi va mahorati kishini hayratga soladi. Bu yerda Sharq miniatyurasi namunalari, yog‘och va sopol buyumlar, zargarlik buyumlari, bolalar mebellari, xalq ustalarining ko‘plab boshqa turdagi mahsulotlarini ko‘rish mumkin.
- Mamlakatimizda hunarmandlarning erkin faoliyat yuritishi, ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha zarur sharoit yaratilgan, - deydi surxondaryolik Dmitriy Inyushev. - Bolaligimdan kulolchilik, taqinchoq va o‘yinchoqlar yasash bilan shug‘ullanaman. Ayni paytda milliy libos va zamonaviy uslubni uyg‘unlashtirgan liboslarni modellashtirishda o‘zimni sinab ko‘rmoqdaman. Kakaydi qishlog‘idagi ayollarga hunar sirlarini o‘rgatyapman. Kelgusida Surxon kashtachiligi, kulolchilik va gilamdo‘zlik ustaxonalarini ochishni rejalashtirganman.
Tadbirda "Tashabbus-2017" ko‘rik-tanlovi g‘oliblari e’lon qilindi.
"Yilning eng yaxshi tadbirkori" nominatsiyasida Toshkent viloyatidagi "Torimed Pharm" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ahadjon Shukurov g‘olib bo‘ldi. "Yilning eng yaxshi hunarmandi" sifatida Buxoro viloyatidan Ahmad Arabov e’tirof etildi. Andijon viloyatidagi "Baxt imkon rivoj chorvasi" fermer xo‘jaligi rahbari Faxriddin Ismoilov "Yilning eng yaxshi fermeri" bo‘ldi.
- Bunday nufuzli tanlovda g‘olib bo‘lish men uchun katta sharaf, - deydi Faxriddin Ismoilov. - Raqobat juda kuchli bo‘ldi, chunki tanlovda eng yaxshi fermerlar ishtirok etdi. Kelgusidagi rejalarimiz juda katta, tashqi bozorga chiqmoqchimiz. Yanada samarali mehnat qilib, bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qilamiz.
Shuningdek, "Mamlakatning eng yaxshi yosh tadbirkori," "Yilning eng yaxshi tadbirkor ayoli," "Yoshlar uchun eng ko‘p ish o‘rni yaratgan tadbirkor," "Yilning eng yaxshi eksportchisi," "Ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan yangi iste’mol mahsulotlarini ishlab chiqargani uchun" kabi nominatsiyalar g‘oliblari aniqlandi.
Asosiy nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarga Prezident sovrini - "Spark" avtomobili, ikkinchi va uchinchi o‘rin sohiblariga pul mukofotlari, maxsus nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. G‘oliblar xalqaro tanlovlar, yarmarkalar va seminarlarda ishtirok etishlari, o‘z sohasi bo‘yicha xorijda amaliyot o‘tashlari mumkin.
"Tashabbus-2017" ko‘rik-tanlovi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi san’at ustalari va yosh ijrochilarning konsert dasturi bilan yakunlandi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.Ibragimov so‘zga chiqdi.